Museum opening hours: 8AM to 7PM. Open all days

100000, Toshkent, M.Ulugʻbek tumani

S.Azimov koʻchasi – 35 uy

Biz haqimizda

Biz haqimizda

Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi 1997 yilda tashkil etilgan boʻlib, Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi tasarrufiga kiradi. Uyushma Oʻzbekiston rassomlar uyushmasining haqiqiy davomchisi sifatida oʻziga xos jamoatchilik birlashmasiga aylandi. Buning aksi mamlakatimiz badiiy hayotidagi yangi voqeliklarning shakllanishida namoyon boʻlmoqda. Bugungi kunda Uyushmaga aʼzo boʻlgan 1000 dan ortiq ijodkorlar samarali ijodlari bilan yuksak natijalarni qoʻlga kiritib kelmoqdalar. Davlat uchun muhim sanalgan tarixiy bosqichda milliy sanʼatni rivojlantirishda shart-sharoitlar yaratish, rassomlarning yorqin ijodiy tashabbuslari va ularning ijtimoiy himoyasini qoʻllab-quvvatlash Badiiy Akademiya zimmasidagi jiddiy vazifalardir.

Akademiyaning asosiy vazifalari yuqori malakali kadrlar tayyorlash, milliy sanʼatimizni xalqaro, respublika va hududiy koʻrgazmalarda targʻib etish, reja asosida zamonaviy badiiy jarayon va sanʼat tarixi masalalari yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishdan iborat. Mazkur ustuvor yoʻnalishlar Badiiy Akademiyaning besh boʻlimi – rangtasvir va grafika, haykaltaroshlik, dizayn, amaliy sanʼat hamda sanʼatshunoslikni oʻz ichiga oluvchi tizim va Nizomiga kiritilgan. Akademiya tarkibida 40 ga yaqin aʼzolari mavjud. Nukus shahrida Badiiy Akademiyaning Qoraqalpogʻistondagi boʻlimi tashkil etilgan.

Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi – oʻz tarkibiga kiruvchi, Toshkentdagi ikkita yirik koʻrgazma zallari: Badiiy Koʻrgazmalar Direksiyasi va Toshkent fotosuratlar uyi, 1998 yilda tashkil etilgan uchta – oʻzbek, rus va ingliz tillarida nashr etiluvchi “Sanʼat” (“Искусство”) jurnali, shuningdek respublika boʻylab badiiy yoʻnalishdagi bir qancha oʻquv muassasalar, jumladan yangidan shakllangan K.Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Respublika rassomlik kolleji, A.Xujayev nomli dizayn kolleji, Toshkent shahri va Respublikamizning barcha hududlaridagi Ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab internatlaridan iborat tarmoqli tizimdir.

Badiiy Akademiya keng koʻlamli, turfa xil va rang-barang koʻrgazmalari bilan oʻzining badiiy faoliyatini boyitib kelmoqda. Buning samarasi oʻlaroq Toshkentda amalga oshirilayotgan yirik xalqaro loyihalar, xususan “Osiyo-art” hududiy koʻrgazmasi, Xalqaro Biyennale yoki “Sharq miniatyurasi sanʼati” xalqaro koʻrgazmasini kuzatish mumkin. Badiiy Akademiya yirik xalqaro loyihalardan – Gannoverda boʻlib oʻtgan “EKSPO-2000”, har yili Moskva shahrida oʻtkaziladigan Anʼanaviy xalqaro salon “SDX”da ishtirok etib kelmoqda. Soʻngi yillarda Badiiy Akademiya koʻplab xalqaro, hududiy, respublika, guruhli va shaxsiy koʻrgazmalar tashkil etdi.